Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

24 Aprel 2025

“UzSungwoo” MChJ, “Avto Climate Control” MChJ va “Uz truck and Bus Motors” MChJlarning ochiq savdo jarayonlari yuzasidan axborot

Avval xabar berilganidekUzSungwoo” MChJ (50 foiz), “Avto Climate Control” MChJ (100 foiz) hamda “Uz truck and Bus Motors” MChJ (34,2 foiz) ustav kapitallaridagi davlat ulushlarini ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

“Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") mazkur xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro tajriba asosida amalga oshirish maqsadida Davlat aktivlari agentligining xususiylashtirish boʻyicha konsultanti sifatida jalb qilingan.

Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Belgilangan muddat 2025-yil 15-aprelga qadar, “Avto Climate Control” MChJ boʻyicha 3 nafar, “Uz truck and Bus Motors” MChJ boʻyicha 5 nafar investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar kelib tushgan hamda “UzSungwoo” MChJ boʻyicha sotib olish boʻyicha qiziqish bildirilmagan.

Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:

  • Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarini yetarliligi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari / ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini ta'qiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti(lari) boʻlmasligi, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻʼba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi.

Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida, barcha talabgorlar yuqoridagi mezon talablariga muvofiq deb topilgan.

Konsultant tavsiyasiga muvofiq, talabgorlarga Aktivlar faoliyatini yaxshiroq oʻrganish va qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida qatʼiy narx takliflarini (BO) qabul qilishdan avval Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) qabul qilinadi.

Shuningdek, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarga jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot yetkaziladi.

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:

I. “Avto Climate Control” MChJ boʻyicha:

Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan 3 nafar talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarini (NBO) tayyorlash uchun Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO2025-yil 8-may soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, Konsultant tomonidan raqobat muhitini taʼminlash maqsadida, savdo jarayonlariga yanada koʻproq salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari parallel ravishda amalga oshiriladi va Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Expression of Interest) boʻyicha arizalarni qabul qilish davom ettiriladi.

“Avto Climate Control” MChJni sotib olishga quyidagi shartlar belgilangan:

  1. Korxonaning asosiy faoliyat turini Aktivni oldi-sotdi shartnomasi roʻyxatdan oʻtgandan soʻng 10 (oʻn) yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, ushbu muddat davomida mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi Bosh Alyans kelishuvida oʻrnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qatʼiy rioya qilish.
  2. Shuningdek, 2 yil mobaynida Korxonada mavjud ish oʻrinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik.

Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan Aktivni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar aks ettirilgan “savdoning asosiy shartlari boʻyicha Bitim” (Term sheet) imzolanadi.

II. “Uz truck and Bus Motors” MChJ boʻyicha:

Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan 5 nafar talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarini (NBO) tayyorlash uchun Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, Konsultant tomonidan talabgorlarga Aktivni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar aks ettirilgan “savdoning asosiy shartlari boʻyicha Bitim” (Term sheet) yetkaziladi va uni qabul qilgan talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) qabul qilinadi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO2025-yil 8-may soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

III. “UzSungwoo” MChJ boʻyicha:

Davlat aktivlari agentligi Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Expression of Interest) toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish muddatini 2025-yil 26-may kuni soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar uzaytirilganligini maʼlum qiladi.

Qiziqish bildirilgan taqdirda, arizalarni quyidagi elektron pochta manziliga yuborish lozim: munir.yakubov@piamg.uz

Avvalgi chop etilgan eʼlonning qolgan barcha bandlari oʻzgarishsiz qolmoqda.

Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayonlariga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivlarni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

Diskleymer

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments”ning Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) savdo jarayonlarining bosqichlari bo‘yicha oʻzgartirish kiritish;

(iii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iv) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(v) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki ishtirokchilar va potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

135 Chop etish